Adabiy qahramon – insonning adabiyotdagi obrazi

Authors

  • Abdulla Ulug‘ov

Keywords:

ijtimoiy hayot, muallif maqsadi, badiiy asar, asar mavzusi, asar g‘oyasi, inson, adabiy qahramon, personaj, xarakter.

Abstract

Mazkur maqolada adabiy qahramon, obraz tushunchalarining mohiyatini ochib berilgan. Unda inson olamdagi jamiki narsalarning eng afzali, borliqdagi barcha mavjudotlarning ustuni qilib yaratilgani haqida fikr yuritiladi. Chunki muqaddas “Qur’on”ning “Al-Isro” surasi 70-oyatida: “Darhaqiqat, Biz odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni barrubahrda – quruqlik va dengizda (ot, ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va ularni o‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo‘ydik” [Qur’oni Karim, 1992, 195] deyilgan. Jahon adabiyotining mumtoz namunalarida ham Alloh butun borliqni inson uchun bunyod etgani, uning koinotni yo‘qdan bor qilishdan maqsadi inson bo‘lgani ta’kidlangan. Bu xususda Alisher Navoiy “Hayrat ul abror” dostonining “Avvalgi munojot” bobida: “Ganjing aro naqd farovon edi, / Lek boridin g‘araz inson edi” [Navoiy A., 2006, 19] degan. Ayni asarning “So‘z ta’rifi” faslida esa: “Tengriki, insonni qilib ganji roz / So‘z bila hayvondin anga imtiyoz” [Navoiy A., 2006, 45] deb ta’kidlagan.

Falsafada ham inson har qanday falsafiy ta’limotning asosini tashkil etuvchi fundamental falsafiy kategoriya ekanligi qayd etilib, u tana, ruhiyat va ma’naviyatning yig‘indisi ekanligi uqdirilgan hamda insonning his-tuyg‘ulari, kayfiyat, kechinmasi uning ruhiyati bilan bog‘liqligi, jamiyatdagi mavjud shart-sharoit, tartiblar asosida shakllangan qobiliyat, malaka, odat, ko‘nikmalari yig‘indisi esa uning ma’naviyati ekanligi qayd etilgan [Falsafa: qomusiy lug‘at 2004, 165-166]. Shuning uchun hozir ham barcha tabiiy va ijtimoiy fanlarda inson hamda uning hayoti bilan bog‘liq masalalar o‘rganilib, ularni tajribadan o‘tkazish, tahlil qilish asosida inson vujudi, ruhiyati va ma’naviyatining muayyan jihatlari xususida so‘z yuritiladi. Ulardagi uzoq kuzatishlar natijasida erishilgan xulosalar esa kishilarning o‘zini anglashi, turmushining yaxshilanishiga, albatta, ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzumi, feodalizm davridagi odamlar bilan hozirgi paytdagi kishilarning dunyoqarashi, o‘zaro munosabatlari farq qiladi. Yoki XX asr avvalidagi xotin-qizlarning ahvoli bilan hozirgilarning jamiyatdagi o‘rni, mavqe o‘rtasida jiddiy tafovut yaqqol ko‘zga tashlanadi. Odamlarning fe’l-atvori, dunyoqarashi, o‘zaro muomala madaniyati asrlar kesimida taqqoslansa, juda ko‘p omillar, xususan, adabiyot va san’at asarlarida ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasidagi kurashning ko‘rsatilishi, insonparvarlik, o‘zaro mehr-oqibat singari ezgu g‘oyalarning ulug‘lanishi ta’sirida odamlarning fe’l-atvori, o‘zaro munosabatlari, turmush tarzi yaxshilanib borgani ayonlashadi.

Downloads

Published

2025-07-05